Vaqt – insonning eng katta sarmoyasi. Muvaffaqiyat siri ana shu sarmoyadan unumli foydalanishda. So‘zimiz isboti uchun ulug‘lar hayotiga, qilgan ishlariga nazar tashlasak, kifoya. 
Ular vaqt isrofidan saqlanishgan, qanday ish bo‘lmasin, jiddiylik bilan yondoshishgan, doim izlanishda, intilishda bo‘lishgan. Biz ko‘pincha vaqt etishmayotganidan noliymiz. Holbuki, ulug‘lar yashagan davr bilan hozirgi paytning vaqt o‘lchovlari farq qilmaydi.

 Demak, farq – o‘zimizda.

1. Ishlash uchun qulay vaqtni kutib o‘tirmang. Shuni biling: har bir kun, har bir soat ishlash uchun qulay vaqtdir. Ishlash uchun qulay joy axtarmang. Shuni biling: har bir joy ishlash uchun qulay erdir.

2. Bugun qilishingiz kerak bo‘lgan ishni, darsni, vazifani ertaga qoldirmang. CHunki har bir kunning o‘ziga belgilangan ishi bo‘ladi.

3. Bir vaqtda faqat bitta ishni qiling, bitta dars, bitta kitob, hatto bir bo‘lim ustidagina ishlang. Toki diqqatingiz bo‘linmasin.

4. Boshlagan ishingizni oxiriga etkazmasdan boshqasiga o‘tmang.

5. Bugungi ishni tugatgandan so‘ng ertaga nima qilishni rejalashtiring.

6. Ishlashga o‘tirgan chog‘ingizda butun ruhiy, jismoniy quvvatingiz bilan o‘zingizni shu ishga bag‘ishlang.

7. Qilayotgan ishingizda qiyinchilik uchrasa, uni engmasdan bir odim ham chekinmang. SHuni biling: ishlash ishtiyoqi qiyinchilikni engishdan tug‘iladi. Bu narsa kishiga ma’naviy zavq beradi.

8. Ishingizda uchragan qiyinchilikni oldin bo‘lib tashlang, keyin qismni bitta-bittadan, navbat bilan hal etishga harakat qiling.

9. Muntazam ishlang, ish jarayonida uzoq tanaffus qilmang. Toki ishlash qobiliyatingiz susaymasin.

10. Bir ish ustida charchasangiz, dam olish uchun ishingizni o‘zgartiring yoki ish sur’atini pasaytiring. Faqat dam olish bahonasida aslo bekor o‘tirmang. Hatto ta’til oylarida ham oz bo‘lsada ishlang.

11. Ish unumini ish ustida o‘tkazgan vaqtingiz bilan o‘lchab, “Bugun shuncha soat ishladim, etadi”, demang, ishning natijasiga qarang.

12. Ko‘proq fikr qiling. Zero, ishlash harakat qilish yoki o‘qib-yozishdan iborat emas.

13. Biror ishni boshlaganingizda shoshma-shosharlik qilmang, singdirib, hazm qilib ishlang, o‘rganing.

14. Bugun nima qilganingizni, qanday natijalarga erishganingizni o‘ylamasdan, ertaga nima ish qilishni rejalashtirmasdan uyquga ketmang.

15. Jaxl paytida hech qachon biror ish qilishga bel bog‘lamang, g‘azabingiz bosilishini kuting.

16. Bir ishni qilish-qilmaslikda qat’iy qarorga kelolmasangiz, uning foydali, zararli tomonlarini yaxshilab hisoblab ko‘ring, foydasi ko‘p, zarari kamini tanlang.

17. Sabrli bo‘ling. Toma-toma ko‘l bo‘lur. Tomchilar bir joyga tushavergach, oxir-oqibat toshni ham emiradi.

18. Yoshi ulug‘lar tajribasidan foydalaning, tajribadan o‘tgan narsalarni bekorga yana tajriba qilishga kirishmang.

19. Ishni boshlashdan oldin yaxshilab o‘ylang, so‘nggi pushaymon foyda bermaydi.

20. Hayotingiz, tanlagan yo‘lingiz haqida ikkilanib najot axtargan paytingizda, maslahat so‘raydigan odamni to‘g‘ri tanlang.

21. Yutug‘ingizdan mag‘rurlanmang. Chunki, maqtanish kelajakdagi yutuqlarning eng katta dushmanidir.